Avvalroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha bilan, 2027-yilgacha chakana savdo, xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan POS-terminallarni o‘rnatish xarajatlarini foyda va aylanmadan olinadigan soliq bazasidan chegirish taklif etilmoqda. (Loyiha nusxasi “Spot"da mavjud).

Shu bilan birga, POS-terminallar orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalariga nisbatan foyda va aylanmadan olinadigan soliq stavkalari 5%ga kamaytiriladi.

2024-yilning oktabrigacha Soliq qo‘mitasi, Markaziy bank hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xaridorlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni POS-terminal orqali amalga oshirishning majburiy tartibini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqadi.

Unga to‘lov terminallari, onlayn nazorat kassa mashinalari bilan bir vaqtda mobil ilovalar orqali “Joyda to‘lovni amalga oshirish” imkoniyatini ta’minlovchi (QR-kod, NFC to‘lov) POS-terminallarning majburiy talabini o‘rnatish bo‘yicha norma kiritiladi.

Shu bilan birga, QR-displeyli POS-terminal va maxsus texnikalar importida bojxona bojlaridan (mavjud bo‘lganda) ozod etishni nazarda tutuvchi norma ham kiritilishi taklif etilmoqda.

Avvalroq Savdo-sanoat palatasi hamda Soliq qo‘mitasi mazkur qaror loyihasining ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘layotgani yuzasidan munosabat bildirgandi. Loyiha jamoatchilik bilan muhokama qilinib, undan keyin tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi tartib va talablar olib tashlanadi hamda hukumatga kiritiladi.